Ўзбекистонда Рамазон рўзаси 18 июндан тутилади

2015 yil 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori imzolandi.
Qarorda ta’kidlanishicha, ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida mazkur qaror qabul qilingan.
Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, sabr-qanoat tuyg‘ularini, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, bugungi tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, odamlarni o‘zaro yaxshilik qilishga, barcha millat va xalqlar bilan hamjihat bo‘lib yashashga da’vat etishga qaratilgan keng ko‘lamdagi savobli amallar, targ‘ibot ishlari tashkil etilishi ta’kidlangan.
Qarorga ko‘ra, 2015 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 18 iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilingan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg‘un va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Respublikamizning barcha masjidlarida 17 iyundan Tarovih namozlari ado etiladi.